InnoWeek–2026: Muxiddin Juliyev “Yer haqidagi fanlar bo‘yicha yilning yetakchi muallifi” nominatsiyasi bilan taqdirlandi

Toshkent shahridagi CAEx Uzbekistan ko‘rgazmalar majmuasida tashkil etilgan mazkur xalqaro tadbirda 30 dan ortiq mamlakat vakillari, 200 dan ziyod xalqaro delegatlar, 265 ta eksponent hamda ilm-fan, ta’lim, innovatsiyalar va texnologiyalar sohasidagi yetakchi mutaxassislar ishtirok etdi.
Haftalik doirasida ilmiy-innovatsion ishlanmalar ko‘rgazmalari, xalqaro uchrashuvlar, ilmiy-amaliy anjumanlar, texnologik loyihalar taqdimotlari va ilmiy faoliyatda yuqori natijalarga erishgan olimlarni taqdirlash marosimlari tashkil etildi.
Juliyev Muxiddin Komilovichning ilmiy faoliyati masofadan zondlash, geografik axborot tizimlari (GAT), iqlim o‘zgarishi, tuproq eroziyasi, yerlar degradatsiyasi, tabiiy xavf-xatarlarni baholash, ekologik monitoring va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish kabi dolzarb yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Olim o‘z tadqiqotlarida sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari, zamonaviy geofazoviy texnologiyalar, fazoviy modellashtirish va boshqa ilg‘or ilmiy yondashuvlardan foydalanib, atrof-muhit muammolarini o‘rganish hamda ularning ilmiy asoslangan yechimlarini ishlab chiqishga hissa qo‘shib kelmoqda.
Shuningdek, u xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, ilmiy loyihalarni amalga oshirish, yosh tadqiqotchilar va doktorantlarning ilmiy salohiyatini oshirishda faol ishtirok etmoqda.
“Yer haqidagi fanlar bo‘yicha yilning yetakchi muallifi” nominatsiyasi bilan taqdirlanishi nafaqat olimning shaxsiy ilmiy yutug‘i, balki Fundamental va amaliy tadqiqotlar instituti hamda “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida olib borilayotgan ilmiy izlanishlarning xalqaro miqyosdagi e’tirofi sifatida ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Institut jamoasi Juliyev Muxiddin Komilovichni ushbu yuksak e’tirof bilan samimiy tabriklaydi hamda kelgusidagi ilmiy izlanishlari, xalqaro hamkorlik faoliyati va yosh olimlarni tayyorlash yo‘lidagi ishlariga muvaffaqiyatlar tilaydi.