Asosiy mazmunga o‘tish
39A Qori Niyoziy Street, Tashkent, Uzbekistan info@ifar.uz EN UZ
FATI FATI

Fundamental va amaliy tadqiqotlar instituti olimi xalqaro ilmiy maktabda o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi

10 Noy 2026

Xodimlar 10 Noy 2026
Fundamental va amaliy tadqiqotlar instituti olimi xalqaro ilmiy maktabda o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi
2026-yil 30-oktabrdan 7-noyabrga qadar Toshkent shahrida tashkil etilgan Mintaqaviy akademik yozuv va tadqiqotlar maktabi doirasida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti huzuridagi Fundamental va amaliy tadqiqotlar instituti laboratoriya mudiri, doktor Muxiddin Juliyev ilmiy ma’ruza bilan ishtirok etdi.

Mazkur ilmiy maktab Blue Peace Central Asia (BPCA) 2.0 tashabbusi doirasida Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti (IWMI), IUCN va CAREC hamkorligida, Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi (SDC) ko‘magida tashkil etildi.

2-noyabr kuni Muxiddin Juliyev “Landslide Susceptibility Mapping: From Research Idea to Publication” — “Ko‘chki sodir bo‘lishiga moyil hududlarni xaritalash: ilmiy g‘oyadan nashrgacha” mavzusida taqdimot o‘tkazdi.

Ma’ruza olimning xalqaro Sustainability jurnalida chop etilgan “Hybrid Ensemble Machine Learning for Landslide Susceptibility Mapping and Management Planning in the Kamchik Pass, Uzbekistan” nomli ilmiy maqolasi asosida tayyorlandi.
Taqdimot davomida ilmiy g‘oyani shakllantirish, adabiyotlarni tahlil qilish, geofazoviy ma’lumotlarni to‘plash, masofadan zondlash va mashinali o‘qitish usullari yordamida tadqiqot olib borish hamda natijalarni xalqaro ilmiy maqola sifatida tayyorlash bosqichlari sodda misollar orqali tushuntirildi.

Shuningdek, ilmiy maqola yozish, xalqaro jurnallarni tanlash, maqolalarni nashrga yuborish va taqrizchilarning savollariga javob tayyorlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Mazkur tadbir institutning xalqaro ilmiy hamkorligini mustahkamlash, ilmiy tadqiqotlar natijalarini targ‘ib qilish va Markaziy Osiyodagi yosh tadqiqotchilarning ilmiy salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Barcha yangiliklarga qaytish