Ilmiy hamkorlik va ilg'or texnologiyalar sari muhim qadam
Texas Dallas universitetidan nanomateriallar bo'yicha jahonga taniqli ekspert prof. Anvar Zohidov, Materialshunoslik instituti direktori prof. Odilxo'ja Parpiyev va laboratoriya mudiri Dr. Shavkat Mamatqulov bilan samarali uchrashuv bo'lib o'tdi.

Prof. Zohidov nanomateriallar va uglerod nanostrukturalari sohasidagi yetakchi olimlardan biri sifatida tan olingan. 2024-yilda institutimiz O'zbekiston Fanlar akademiyasi Materialshunoslik instituti bilan hamkorlikda qo'shma "Ilg'or materiallar" laboratoriyasini tashkil etdi. Bugungi kunda ushbu laboratoriyada MXene'lar, funksional materiallar va nanokompozitlar sintezi bo'yicha faol tadqiqotlar olib borilmoqda.
Uchrashuv davomida prof. Zohidov atigi 0,5 kg/m³ o'ta past zichlikka ega sintez qilingan uglerod nanostrukturali aerogellarni taqdim etib, tayyorlangan namunalarni namoyish qildi.

Aerogellar juda yuqori amaliy ahamiyatga ega, ayniqsa quyidagilarda:
Energiya saqlash tizimlari (batareyalar va superkondensatorlar)
Issiqlik izolyatsiyasi (aviatsiya va kosmik texnologiyalar)
Suv va gazni tozalash texnologiyalari
易 Sensorlar va elektron qurilmalar
Uch o'lchovli nanokompozit materiallarni sintez qilish bo'yicha ham muhokamalar bo'ldi. Bunday materiallar sig'imi o'n baravargacha oshgan yangi avlod batareyalarini yaratishga imkon berishi ta'kidlandi.

O'zbekiston Prezidenti Oliy Majlis va xalqqa Murojaatnomasida ta'kidlagan edi:
"Bundan buyon har bir dollar investitsiya, eng avvalo, ilg'or texnologiyalar transferiga, aniq bozorlari belgilangan yuqori qo'shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga hamda energiya, suv, yer va boshqa tabiiy resurslardan samarali foydalanishga xizmat qilishi kerak."
Shu maqsad asosida Texas Dallas universiteti, Materialshunoslik instituti va institutimiz olimlari hamkorligida yuqori samarali funksional nanomateriallar ishlab chiqarish bo'yicha qo'shma ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
Yaqqol misol: 1 kg misdan qo'shilgan qiymat zanjiri
| Mahsulot | O'lcham | Narxi (kg) |
|---|---|---|
| Xom mis (xom holatda) | ulgurji | ~$10–$13 |
| Mis kukuni (sanoat) | mikrometr (µm) | $20–$40 |
| Antibakterial qoplamalar (CuO nanozarralari) | 50–500 nm | $1,000–$4,000 |
| Katalizatorlar (Cu nanozarralari) | 20–50 nm | $2,000–$8,000 |
| Fotokatalizatorlar (CuO / Cu₂O) | 10–50 nm | $2,500–$12,000 |
| O'tkazuvchi siyoh/pastalar (Cu nanozarralari) | 50–200 nm | $3,000–$10,000 |
| Sensor materiallari (Cu / CuO nanozarralari) | 10–50 nm | $5,000–$15,000 |
1 kg mis ilmiy asosda funksionallashtirilganda, uning qiymati 100–1000 baravar oshishi mumkin.
Xomashyo emas, balki fan, texnologiya va innovatsiya haqiqiy boylik yaratadi.