Institut xodimi xalqaro o'quv dasturida ishtirok etmoqda
Innovatsiyalarni rivojlantirish agentligi huzuridagi Jahon banki ko'magidagi "O'zbekistonning milliy innovatsiya tizimini modernizatsiya qilish" (MUNIS) loyihasi doirasida "Ilmiy loyihalarni xalqaro standartlarga muvofiq boshqarish" mavzusida o'quv dasturi tashkil etildi.

Trening Qozog'iston Respublikasi Loyiha menejerlari uyushmasi (QRLMI) va Moytra Management konsorsiumi bilan hamkorlikda, xalqaro ekspertlar ishtirokida o'tkazildi. Mashg'ulotlar PMI PMBOK® qo'llanmasi va ISO 21502 standartlari asosida olib borildi.
Tadbirda oliy ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalaridan jami 100 nafar ishtirokchi — professorlar, tadqiqotchilar, loyiha menejerlari va assistentlar qatnashib, samarali ilmiy loyiha boshqaruvi bo'yicha nazariy bilim va amaliy ko'nikmalarini mustahkamladilar.

Trening yakunida faol ishtirokchilarga xalqaro PMI PMBOK sertifikatini olish va CPM (Certificate Project Manager UZ) malakasi bo'yicha imtihon topshirish imkoniyati berildi.
Institutimiz katta ilmiy xodimi, biologiya fanlari doktori Muhiddin Juliyev dasturda faol ishtirok etib, ilmiy loyihalarni xalqaro standartlarga muvofiq boshqarish bo'yicha bilim va ko'nikmalarini yanada oshirdi.

Ushbu ishtirok institutimizning xalqaro ilg'or tajribalarni o'zlashtirish, tadqiqot loyihalarini samarali boshqarish va innovatsiyaga asoslangan rivojlanishga hissa qo'shish salohiyatini mustahkamlashda muhim qadamdir.